Yangiyo‘l tumanida fermerlar uchun UFarmer platformasi taqdimoti o‘tkazildi
Yangiyo‘l tumani hokimligi tashabbusi bilan hududdagi fermer xo‘jaliklari vakillari uchun UFarmer platformasining imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot tashkil etildi. Tadbirda UFarmer jamoasi ishtirok etib, fermerlarga platformaning asosiy yo‘nalishlari, afzalliklari va undan foydalanish tartibi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Taqdimot davomida Yangiyo‘l tumanidagi fermerlar qishloq xo‘jaligi faoliyatida zarur bo‘lgan ma’lumotlarni tez va qulay tarzda olish, mavjud muammolarga yechim topish hamda zamonaviy raqamli imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha tushunchalarga ega bo‘ldilar.
UFarmer jamoasi bugungi kunda fermerlarni qiynab kelayotgan dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, ilova orqali kerakli ma’lumotlarni topish, undan kundalik faoliyatda foydalanish va platformaning fermerlarga qanday yordam berishi mumkinligi amaliy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirning savol-javob qismi ham faol va samimiy ruhda o‘tdi. Fermerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni UFarmer mutaxassislariga bevosita yo‘llab, tegishli tavsiya va javoblarni oldilar. Ochiq muloqot davomida hudud fermerlarining ehtiyojlari, takliflari va amaliyotda uchrayotgan muammolari muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuv fermerlar bilan bevosita muloqotni mustahkamlash, ularning raqamli savodxonligini oshirish hamda qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni keng targ‘ib qilishga xizmat qildi.
UFarmer jamoasi kelgusida ham fermerlarga yaqin bo‘lib, ularning faoliyatini yengillashtiruvchi zamonaviy va qulay yechimlarni taqdim etishda davom etadi.