Dehqon va fermerlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotini sotishda 0% QQS qo‘llanadi

news

Dehqon va fermerlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotini sotishda 0% QQS qo‘llanadi

2026-yildan boshlab dehqon va fermerlarga o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini sotishda QQS nol stavkada qo‘llanadi (g‘alla va paxta bundan istisno). Prezident topshirig‘iga ko‘ra, qishloq xo‘jaligini “soya”dan chiqarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi

Dehqon va fermerlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotini sotishda 0% QQS qo‘llanadi

Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Yig‘ilishda so‘nggi yillarda bu soha tarkibiy isloh qilingani, xususan, paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, oziq-ovqat mahsulotlari uchun ajratilgani ma’lum qilindi. 160 ming gektar yangi bog‘ va tokzor tashkil etilib, 1 milliard dollarlik 1500 ta oziq-ovqat loyihasi ishga tushirilgan.
Lekin, qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligida hamon yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori. Yetishtirilgan mahsulotning hammasi ham hisobotlarda qayd etilmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foizni tashkil etmoqda.

Mazkur masala prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ko‘tarilgan. Davlat rahbari bu borada dehqon va fermerlarga qulaylik yaratish, soliq yukini yengillashtirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma bergandi.
Shunga muvofiq, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, malakali xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida qishloq xo‘jaligini “soya”dan chiqarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, kelasi yil 1-yanvardan boshlab, qishloq xo‘jaligi korxonalari dehqon va fermerlarga o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini (g‘alla va paxtadan tashqari) sotishda QQS nol stavkada bo‘ladi.


Shu bilan birga, mahsulotni yetishtirishda urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport, elektr kabi xarajatlar uchun hisobga olingan QQSni qaytarib berish amaliyoti ham saqlanib qoladi.
Natijada fermer va dehqonlar ixtiyorida yiliga 300 milliard so‘m mablag‘ qoladi, yana 400 milliard so‘mlik soliqni qaytarib olish imkoniyati bo‘ladi, ta’kidlanadi xabarda.

Bu yengilliklar soha vakillarining shaffof ishlashiga turtki berishi, joylarda yirik sanoatlashgan plantatsiyalar va qayta ishlash korxonalarining ko‘payishiga zamin yaratishi kutilmoqda.
Prezident mutasaddilarga bu yangi tizimni dehqon va fermerlarga tushuntirib, samarali yo‘lga qo‘yish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Avvalroq O‘zbekistonda QQS ma’muriyatchiligini takomillashtirishga qaratilgan qator qonun loyihalari ishlab chiqilishi ma’lum qilingandi. Xususan, prezident qarori loyihasida qishloq xo‘jaligida QQSni hisoblash va qo‘llashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish taklif etilgan.
18-iyul kuni SSP ochiq muloqotida tadbirkor, BMB Holding kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov fermerlar oyoqqa turishi uchun qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun QQS stavkasini 12 foizdan 1 foizga tushirishni taklif qilgandi. U qimmat o‘g‘it va yoqilg‘i tufayli mahsulot yetishtirishning yuqori narxlari haqida gapirib, eksportning minimal narxlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgandi.
“Qishloq xo‘jaligi korxonalarida hozir mana eng katta „nagruzka“ bo‘lib turgan QQS masalasi. Yevropaning rivojlangan mamlakatlarida ham, Gollandiyada ham, Germaniyada ham, Belgiya ham hammasida qishloq xo‘jaligi korxonalari 100% davlat subsidiyasida o‘tiradi. Bizda hozir mana 12% QQS turibdi. Kelinglar, shu masalani o‘ylaylik”, — degandi u.

manba: gazeta.uz

UFarmer ilovasini yuklab oling
O'zbekiston fermerlari uchun agro kalendar, AI skaner va xo'jalik boshqaruvi — bir ilovada.
Ilovani yuklab olish
UFarmer ilovasi Agro kalendar, AI skaner va xo'jalik boshqaruvi bir ilovada
Yuklab oling